O’zbekistonlik Loyiha ishtirokchilari uchun ko’p beriladigan savollarga javoblar
Loyiha doirasi
Loyihani amalga oshirishda kim ishtirok etadi?
Pilot Loyiha Germaniya hunarmandchilik bosh uyushmasi (ZDH) va Germaniya Mehnat agentligi, sequa gGmbH korxonasi va turli hunarmandchilik tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Loyiha Germaniya Iqtisod va energiya vazirligi (BMWE) tomonidan moliyalashtiriladi.
Loyihadan qanday maqsadlar ko’zlanmoqda?
Loyiha doirasida Germaniyaga xorijiy mutaxassislar va ishchilar migrasiyasi uchun yangi imkoniyatlar amalga oshirishi ko’zda tutilgan. Xususan, bu bir necha yillik kasbiy tajribaga va Germaniyada uzoq muddat yashash va ishlash istagiga ega bo’lgan malakali nomzodlarni Germaniyadagi hunarmandchilik korxonalariga joylashtirish rejalashtirilgan.
Nima uchun O’zbekiston Loyihaning hamkor mamlakati?
2024-yil sentabr oyida Germaniya va O’zbekiston o’rtasida Migrasiya shartnomasi imzolangan bo’lib, unda O’zbekistonlik mutaxassislar va malakali ishchilarning Germaniyaga borishlariga ko’maklashish ko’zda tutilgan. Mazkur Loyiha O’zbekistonda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligi bilan hamkorlik amalga oshiriladi (O’zbekiston Respublikasi Migrasiya agentligi).
Fokus kasblari qanday tanlangan?
Germaniyada energiya almashinuvi va iqlimni muhofaza qilishning uzoq muddatli muvaffaqiyatiga hissa sifatida mazkur Loyiha hunarmandchilik sohasidagi iqlimga tegishli kasblariga qaratilgan. Bularga Loyiha doirasida quyidagilar kiradi:
- Elektronikachi (Elektroniker)
- Devor quruvchi (Maurer)
- Betonchi va temir-betonchi (Beton- und Stahlbetonbauer)
- Duradgor (Zimmerer)
- Tom yopuvchi (Dachdecker)
- Yo’l quruvchisi (Straßenbauer)
- Metall bo’yicha mutaxassis (Metallbauer)
- Santexnika, isitish va sovutish texnikasi bo’ychicha mutahassis (Anlagenmechaniker für Sanitär-, Heizungs- und Klimatechnik)
Avtomexatronikachi (Kraftfahrzeugmechatroniker)
Ishga qabul qilishning har bir bosqichi arafasida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligi bilan maslahatlashib, tegishli bosqichda (Rekrutierungszyklus) qaysi kasblar bo’yicha tanlov e’lon qilinishini belgilanadi. Bu shuni anglatadiki, kasblar bo’yicha berilgan arizalar hamma vaqt emas, balki faqat belgilangan vaqtda ko’rib chiqiladi.
Germaniyada hunarmandchilik
Germaniyada hunarmandchilikning o’ziga xosligi nimadan iborat?
Hunarmandchilik Germaniya iqtisodiyotining o’zagi va asosiy ustunidir. Katta iqtisodiy va ijtimoiy guruh bo’lib, u jamiyat hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Xususiy iste’molchilar, sanoat, savdo yoki davlat idoralari bo’lsin, Germaniya hunarmandlari keng ko’lamli, har bir mijozning ehtiyojiga moslashtirilgan va eng avvalo yuqori sifatli mahsulot va xizmatlarni taklif qilishadi. Moslashtirilgan mahsulotlar va muammolar yechimi – bu hunarmandchilikning maxsus sohasi va kuchidir. Ushbu xilma-xillik hunarmandchilikni qiziqarli ish sohasiga aylantiradi.
Bundan tashqari, nemis hunarmandchiligi o’zining innovasion kuchi bilan mashhur. Ayniqsa, barqaror qurilish, qayta tiklanadigan energiya va ekologik toza texnologiyalar sohasida hunarmandchilik kelajakka yo’naltirilgan va moslashuvchan ekanligini ko’rsatadi. Hunarmandchilik korxonalari Germaniyaning iqlim maqsadlarini amalga oshirishga faol hissa qo’shadilar, masalan, binolarni ekologik toza isitish texnologiyalari yoki energiya tejaydigan qurilish texnologiyalarini o’rnatish orqali. Shuning uchun ham Loyihaning diqqat markazida Germaniyada energiya almashinuvi va iqlimni muhofaza qilishga hissa qo’shadigan hunarmandchilik kasblari turadi.
Oddiy hunarmandchilik korxonasi qanchalik katta?
Hunarmadchilik sohasi 1 millionga yaqin korxonalarni va 5,6 million nafar xodimlarni o’z ichiga oladi (2024-yil holati). Germaniyadagi hunarmandchilik korxonalarining aksariyati kichik va o’rta korxonalar bo’lib, ular ko’pincha yakka tartibda egasi tomonidan yoki oilaviy korxona sifatida boshqariladi. Korxonalarning odatda kichikroq bo’lganligi tufayli jamoaviy ish qoidasi markaziy ahamiyatga ega. Hamkasblarning bir-biri bilan yaxshi kelishib ishlashi orqaligina murakkab ishlar, masalan, qurilish maydonchasida yoki mijozlar binosida muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin.
Individual yordam va tayyorgarlik
Loyihada ishtirok etsam, qanday afzalliklarga egaman?
Sizga butun jarayon davomida individual ravishda hamrohlik va maslahatlar bilan ko’mak beriladi. Sizni o’zingizning kasbiy profilingizga mos keladigan hunarmandchilik korxonalari bilan bog’laymiz. Siz O’zbekistonda B1 darajasiga qadar nemis tili kursini tamomlaysiz va Germaniyada yashash va ishlash uchun madaniyatlararo bilimlarni olib tayyorlanasiz. Loyiha doirasida sizga biriktirilgan aloqa shaxslar bu masalalarda sizni qo’llab-quvvatlaydi.
Tayyorgarlik paytida til kursiga boramanmi?
Nemis tili kursiga qatnashish Germaniyada yashash va ishlashga tayyorgarlikning muhim qismidir. Til kursi kamida 6 oy davom etadi va Toshkent shahrida jonli ishtirok shaklida bo’ladi. Bu intensiv til kursi. Shunga ko’ra, siz dushanbadan jumagacha til markazidagi darslarga borasiz. Til kursini o’tkazadigan tashkilot, O’zbekistondagi Gyote instituti, kursning aniq vaqtlari va davomiyligini belgilaydi.
Til kursida jonli ravshda ishtirok etadigan bo’lsam tirikchiligim qanday bo‘ladi?
Intensiv til kursi davomida siz moliyaviy yordam sifatida stipendiya olasiz. Ushbu stipendiya –shaxsiy hayotingizdagi vaziyatdan qat’i nazar – oyiga 400 yevro. Bu stipendiya, xususan, moliyaviy sharoiti qiyin bo’lgan odamlarga Loyihada ishtirok etish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, bundan ko’zlangan maqsad – siz intensiv til kursidan tashqari vaqtda doimiy ishlashmasliginziz.
Til kursi qayerda bo‘lib o’tadi va u davomida men qayerda yashayman?
Til kursi Toshkentda jonli ishtirok shaklida bo’lib o’tadi. Til kursida taklif etilgan hajmda va belgilangan shaklda qatnashish uchun siz kurs davomida Toshkentda turar joy topishingiz lozim.
Men ham Germaniya madaniyatiga tegishli tayyorgarlik ko’ramanmi?
Til kursi madaniyatlararo mavzularni ham o’z ichiga oladi. Kurs davomida siz nafaqat nemis tilini, balki Germaniyadagi madaniyat, shuningdek hayot va ish haqida ko’proq bilib olasiz.
Germaniyada o’zimga mos korxonani qidirishda menga yordam beriladimi?
Sizning professional profilingizga mos keladigan siz va Germaniyadagi hunarmandchilik korxonasi biri biriga aniq mosligi – Loyihaning markaziy tarkibiy qismidir. Loyiha orqali siz turli potensial ish beruvchilar bilan tanishasiz. Ish beruvchilar bilan suhbatlardan so’ng siz va hunarmandchilik korxonasi kelajakda birgalikda ishlashingiz masalasida qaror qabul qilasiz. Ushbu jarayon davomida sizga Loyiha jamoasi yaqindan hamrohlik qiladi.
Parvoz va safar bilan bog’liq boshqa xarajatlar qoplanadimi?
Sizga ishlash va yashash uchun viza olish maqsadida ariza berishda, shuningdek Germaniyaga yetib borishda yordam beriladi. Viza uchun to’lovlar Loyiha tomonidan qoplanadi. O’zbekistondan ish joyigacha bo’lgan safar xarajatlari tasdiqlovchi hujjatlar asosida ko’pi bilan 1500 yevrogacha miqdorda qoplanadi.
Tayyorgarlik paytida va keljakda Germaniyada menga uzoq muddatda ham ko’mak qilishadimi?
Germaniyaga kelganingizdan keyin ham biz sizni yolg’iz qoldirmaymiz. Biz sizga, masalan, sizning kasbiy malakangizni tan olinishi bilan, Germaniyada uy-joyni topish va kundalik hayot yoki oila a’zolaringizni Germaniya olib kelish (oilani birlashtirish – Familiennachzug) masalarida yordam taklif qilamiz. Germaniyada siz bilan aloqa uchun aniq bir shaxs sizga biriktiriladi. Bizning maqsadimiz: siz nafaqat kasb-hunar, baldi shaxsiy hayot nuqtai nazaridan Germaniyada muvaffaqiyatli o’z o’rningizni topib olishingiz uchun biz sizni yangi korxonada integrasiyangiz davomida uzoq muddatda qo’llab-quvvatlab, sizga hamroh bo’lishni istaymiz.
Profil va malakalar
Nomzod sifatida men qanday talablarga javob berishim kerak?
Loyihada ishtirok etish va kelajakda Germaniyada hunarmandchilik sogasida ishlash va yashash imkoniyatiga ega bo’lish uchun siz quyidagi talablarga javob berishingiz kerak:
- O’zbekistonda kamida 2 yillik kasb-hunar ta’limini bitirganlik haqida davlat tomonidan tan olingan hujjat (diplom)
- Yosh 20 – 40
- Qidirilayotgan hunarmandchilik kasblarida tegishli ish tajribasi (kamida 2 yil)
- Germaniyani yoqtirish va nemis tilini o’rganishga tayyorlik
O‘zbekistonlik nomzod sifatida qanday kasbiy malakaga ega bo’lishim kerak?
Agar siz Germaniyaga kasbiy malakangizni tan olish maqsadida berilgan viza bilan kelsangiz (Loyihadagi 1-yo’l, bu masalada 5.1-savolga ham qarang), sizning kasbiy malakangiz, ya’ni O’zbekistonda olingan diplomingiz siz Gremaniyada ishlamoqchi bo’lgan nemis kasbiga tegishli bo’lishi kerak.
Agar siz Germaniyaga ish tajribasi bor shaxs vizasi bilan kelsangiz (Loyihadagi 2-yo’li, bu masalada 5.1-savolga ham qarang.), O’zbekistonda davlat tomonidan tan olingan, kamida ikki yil davom etgan va muvaffaqiyatli yakunlangan har qanday kasb-hunar ta’lim to’g’risidagi diplom yetarli bo‘ladi. 2-yo‘lda asosiy e’tbor tegishli kasb bo‘yicha bir necha yillik tajriba borligiga qaratilgan. So’nggi 7 yil ichida kamida 5 yillik tegishli ish tajribasi talab qilinadi, bu esa ishberuvchilarning ma’lumotnomalari bilan tasdiqlanishi kerak. Agar siz 2-yo’l orqali ishga qabul qilinsangiz, Loyiha tomonidan siz O’zbekistonda amaliy sinovdan (imtihondan) o’tkazilishingiz mumkin. Shu tarzda, sizning kasbiy muvofiqligingiz tekshirilishi mumkin. Amaliy sinov natijasi Loyiha doirasida sizni qabul qilish-qilmaslik to’g’risidagi qarorga ta’sir qiladi. Sizning amaliy sinov natijangiz ijobiy baholangan taqdirdagina, siz Loyihada ishtirok etishingiz mumkin bo‘ladi.
Germaniyaga borishdan oldin qanday nemis tili bilimlariga ega bo’lishim kerak?
Loyihaga qabul qilinishingiz uchun siz nemis tilini bilishingiz shart emas. Agar siz ariza berish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagan va Loyihaga qabul qilingan bo’lsangiz, Germaniyaga borishdan oldin siz avval jonli ishtirok shaklidagi nemis tili kursiga borasiz. Ushbu kurs 10 oygacha davom etishi mumkin. Til kursining maqsadi Chet tillarini bilish darajalari Umumyevropa tizimiga (CEFR) muvofiq B1 darajasiga erishishdir. Agar siz nemis tilini bilsangiz, til kursi davomiyligi shunga ko’ra qisqartirilishi mumkin.
Ariza berish jarayoni, korxona va ishtirokchining bir-biriga mosligi
Loyiha doirasida malakali ishchilarning Germaniyaga borishlari uchun qanday huquqiy yo’llar bor?
Loyiha sizga mutaxassis yoki malakali ishchi sifatida Germaniyaga kirishning ikkita yo‘lini taklif etadi:
1-yo‘l: Kasbiy malakaning tan olinishi va kasbiy moslashuv (Anerkennung und Anpassungsqualifizierung, APQ)
Siz xorijiy kasbiy malakasini tan olinishi uchun beriladigan maxsus viza bilan Germaniya borasiz. Siz to’g’ridan-to’g’ri korxonada ishlashni boshlaysiz va shu bilan birga malakaviy moslashuv (APQ) kursida ishtirok etasiz. APQ kursi korxonada ishlash bilan parallel ravishda va ish vaqtida amalga oshiriladi. Germaniya va O’zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimlari o’rtasida farqlar mavjud bo’lganligi sababli, sizning diplomingiz dastlab qisman tan olinadi. APQ kursi doirasida bu farqlar tenglashtiriladi va siz qo’shimcha bilimlar olasiz.
APQ kursini muvaffaqiyatli tugatganingizdan so’ng, kasbiy malakangiz to’liq tan olinadi – bundan keyin u tegishli nemis kasbiga teng deb hisoblanadi. Siz mutaxassis deb hisoblanasiz va Germaniyada ishlashingiz mumkin va masalan, kelajakda „Meister“ (ustoz) darajasiga erishingiz mumkin boladi. Eslatma: tan olish jarayoni bilan bog‘liq xarajatlar Loyiha tomonidan qoplanadi.
2-yo‘l: Ish tajribasi bo’lishi shart, tegishli kasb bo’yicha diplom shart emas
Agar sizda fokus kasblaridan (Loyiha diqqat markazidagi kasblardan) birida katta amaliy ish tajriba bor bo’lsa, Germaniyaga diplomingiz tan olinmasdan ham borishingiz mumkin. Xattoki sizning diplomingiz siz ishlaydigan kasbga to’liq mos kelmasa ham, buning ilojisi bor. Bunday holda, malakaviy moslashuv (Anpassungsqualifizierung) talab qilinmaydi. Sizga malakali ishchi sifatida viza va Germaniyada ishlash uchun ruxsat beriladi. Sizning kasbiy malakangiz, ya‘ni diplomingiz tan olinishi shart emas, lekin siz Germaniyaga borganingizdan keyin ixtiyoriy ravishda tegishli arizani berishingiz mumkin. Muhim eslatma: bunday holda, malakangizni tan olish bilan bog’liq xarajatlarni Loyiha qoplamaydi.
Ariza berish jarayoni qanday kechadi?
Agar siz Loyihada ishtirok etishni xohlasangiz, iltimos, Migrasiya agentligining veb-saytida e’lon qilingan muddat ichida ariza bering. Qo’shimcha ma’lumot olish uchun: https://www.migration.uz/
Loyihaga ariza berish uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligidan oladigan hujjatlarni to’ldiring. Agar siz Loyiha talablariga javob bersangiz, siz ko’p bosqichli tanlov jarayonida ishtirok etasiz.
Tegishli nomzodlar birinchi navbatda axborot tadbiriga va Federal mehnat agentligi bilan tanlov suhbatlariga taklif qilinadi. Nemis tilini bilish talab qilinmayadi. Tanlov suhbatida (intervyusida) siz o’zingizning tarjimai holingizni hamda Loyihaga va Germaniyadagi hunarmandchilik korxonasida ishlashga nega qiziqishingizni (motivasiyangizni) tushuntirasiz. Sizni yaxshiroq bilib olish uchun sizning shaxsiy va kasbiy sabablaringizni bilishga ham qiziqamiz.
Agar siz Germaniyaga Loyiha doirasida 1-yo’l orqali boradigan bo‘lsangiz, sizning kasbga doir maxsus bilimlaringiz haqida ko’proq bilib olish maqsadida 10 daqiqalik test ham o’tkaziladi. Agar siz Germaniyaga 2-yo’l orqali boradigan bo‘lsangiz, siz bir necha soat davom etadigan va kasbga doir amaliy bilimlaringizni sinab ko’rishga qaratilgan amaliy sinovda (imtihonda) qatnashasiz.
Tanlov jarayonida amaliy sinovdan (imtihondan) o’tishim kerakmi?
Bu Germaniyaga qaysi yo’l orqali borishingizga bog’liq. Agar siz Germaniyaga 2-yo’l (ish tajribasiga ega malakali ishchi sifatida to’g’ridan-to’g’ri ishga boorish yo’li) orqali boradigan bo’lsangiz, O’zbekistonda amaliy sinov (imtihon) topshirishingiz kerak bo‘ladi. Amaliy sinov maxsus kasbiy bilim va ko’nikmalarga ega bo’lgan shaxslarni aniqlash uchun xizmat qiladi. Ya‘ni bu umumiy imtihon emas, balki maqsadli tanlash usulidir.
Ish beruvchi korxonalar bilan tanlov suhbatlari qanday o’tadi?
Nemis hunarmandchilik korxonalari bilan tanlov suhbatlari til kursining ikkinchi yarmiga yetganingizda nemis tilida bo’lib o’tadi. Siz profilingizga qiziqqan va Loyiha orqali jalb qilingan ish beruvchi bilan virtual (onlayn) intervyuda o’zingizni tanishtirasiz. Siz o’z kasbiy malakangiz va motivasiyalaringiz haqida gapirasiz va korxona haqida hamda bu korxonada sizning vazifalarngiz haqida ma’lumot olasiz. Agar siz ish beruvchi bilan ishlash haqida kelishib olsangiz, sizga ishga olish va’dasi (Zusage) beriladi.
Ishga joylashtirilishim kafolatlanganmi?
Bu kafolatlangan emas. Kuchli sa’y-harakatlarga qaramay, biz siz uchun mos ish beruvchini topa olmasligimiz mumkin, natijada siz Loyiha orqali Germaniyaga bora olmaysiz. O’zbekistonda maxsus usul „Poolvermittlung“ qo’llaniladi. Bu degani, siz Loyihaga qabul qilinasiz va ishga olish va’dasisiz (Einstellungszusage) Toshkentda til kursini boshlaysiz. Ishtirokchi ishga joylashtirilmagan taqdirda, sequa Ishtirokchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish huquqini o’zida saqlab qoladi. Bunda ishtirokchi uchun hech qanday xarajatlar yuzaga kelmaydi.
Mehnat shartnomasi va ish haqi
Korxona meni tanlab olganidan va menga taklif qilingan ishni men qabul qilganimdan keyin nima bo’ladi?
Taklif qilingan ishni qabul qilganingizdan so’ng, siz va ish beruvchi o’rtasida tuziladigan mehnat shartnomasini olasiz. Ushbu jarayon siz Toshkentda o’qiyotgan til kursi bilan parallel ravishda amalga oshiriladi. B1 til imtihonining ijobiy natijasi bo’lishi bilanoq, viza olishga tayyorgarlik ham boshlanadi. Viza olinganidan so’ng siz Germaniyaga borishingiz va ish beruvchingiz korxonasida ishlashingiz mumkin bo‘ladi.
Mehnat shartnomasi qachon imzolanadi?
Mehnat shartnomasini imzolash korxona bilan muvaffaqiyatli tanlov suhbati va sizga berilgan ish o’rni taklifini qabul qilingandan so’ng amalga oshiriladi.
Qancha maosh olaman?
Sizning maoshingiz mahalliy mutaxassislar yoki malakali ishchilar maoshiga o’xshash ravishda tegishli jamoa shartnomasi yoki mahalliy shartlarga asoslanadi. Germaniyada muayan kasb uchun ish haqida juda katta farq bo‘lishi va mahalliy yashash xarajatlariga qarab farq qilishi mumkinligini bilish muhimdir.
1-yo’l: Kasbiy malakaning tan olinishi va kasbiy moslashuv (Anerkennung und Anpassungsqualifizierung, APQ)
Agar siz kasbiy malakaning tan olinishi tartibida ishga olingan bo’lsangiz, avval siz Germaniyada korxonangizda ishlayotgan vaqtingizda malakaviy moslashuv kursida qatnashasiz, bu kurs kasbiy malakangiz tegishli nemis kasbiga to’liq teng deb tan olinishi uchun zarur (bu masalada, «Kasbiy malakaning tan olinishi va kasbiy moslashuv (Anerkennung und Anpassungsqualifizierung, APQ)» bo’limiga ham qarang).
Xorijiy kasbiy malakangiz to’liq tan olinmagunicha, sizning ish haqingiz tegishli ish tajribasiga ega, lekin kasbga doir maxus bilimlari cheklangan shaxslar uchun maoshga asoslangan bo’lishi mumkin. Bu individual ravishda o’rganib chiqiladi va hal qilinadi. Siz malakaviy moslashuv kursini muvaffaqiyatli tugatganingizdan so’ng (yoki malkangiz birdan to’liq teng deb topilsa), siz mutaxassis darajasida ish haqini, masalan, shogird (Geselle), malakali ishchi (Facharbeiter) va boshqa guruhlar uchun belgilangan ish haqini olasiz. Malakaviy moslashuv kursini tugatganingizdan so’ng ish haqingizni real baholash uchun, masalan, Federal mehnat agentligining ish haqi atlasi (Entgeltatlas) sizga umumiy ma’lumot berishi mumkin.
2-yo‘l: Yetarli ish tajribasiga ega shaxslar uchun ish haqi
Agar sizda kerakli kasbga doir amaliy ish tajribangiz katta bo’lsa va siz boshqa kasb bo’yicha ikki yillik kasb-hunar ta’limi to’g‘risida diplom ega bo’lsangiz, Germaniyaga malakali ishchi sifatida „Ish tajribasi“ (Erfahrungssäule) yo’lida borishingiz mumkin. Qonunda, agar sizning ish beruvchingiz jamoa shartnomasi bilan bog’liq bo’lsa, siz kamida 43 470 yevro (2025 yilda) yalpi yillik maosh yoki jamoa shartnomasiga (Tarifvertrag) muvofiq maosh olasiz. Ko’rsatilgan yalpi yillik ish haqi hunarmandchilikdagi o’rtacha ish haqiga to’g’ri kelmaydi va shuning uchun keng tarqalgan emas. Siz jamoa shartnomasi (Tarifvertrag) bilan bog’liq korxonada ishlaysiz va mahalliy malakali ishchilarga o’xshash ravishda maosh olasiz. Federal mehnat agentligining ish haqi atlasi (Entgeltatlas), boshqalar qatori, sizga olajak maoshingizni taxminan baholash imkonini beradi.
Malakani tan olish jarayoni
Malakani tan olish jarayoni o’zi nima?
Tan olish tartibida sizning O’zbekistonda olgan kasbiy malakangiz (diplomingiz) tegishli nemis kasbiga doir kasbiy malakaga qonunchilik nuqtai nazaridan qanchalik teng ekanligi tekshiriladi. Germaniyadagi mas’ul idora – Myunster hunarmandchilik palatasi bo’lib, u buni ma’lum hujjatlar (shu jumladan, masalan, ish beruvchilarning ma’lumotnomalari) asosida tekshiradi va tekshiruv natijasini rasmiy qaror (Bescheid) shaklida bildiradi. Ushbu jarayon xarajatlar bilan bog’liq, ular Loyiha tomonidan qoplanadi. Agar rasmiy qaror «qisman tan olish» haqida bo‘lsa, „malakaviy moslashuv“ deb nomlanadigan o’quv kursini tugatgandan so’ng xorijiy malaka to’liq tan olinishi mumkin. Malakaviy moslashuv doirasida tegishli nemis kasbiga nisbatan aniqlangan muhim farqlar moslashuv kursi shaklida bartaraf etiladi. Hunarmandchilik sohasida mazkur o’quv kursi korxonada va korxonalararo qo’shimcha ta’lim makazlaridagi o’quv tadbirlari aralashmasi (kombinasiyasi) shaklida amalga oshiriladi. Germaniyada tegishli mintaqada sizga biriktirilgan aloqa shaxsi (Ansprechperson) bu masalada sizga ko’mak beradi.
Tan olish jarayoni bilan bog‘liq bo’lgan qanday xarajatlar Loyiha tomonidan qoplanadi?
Loyiha 1-yo’li orqali Loyihaga qabul qilingan nomzodlarning kasbiy malakasini tan olish jarayoni bilan bog’liq barcha xarajatlarni qoplaydi. Xususan, bular qatoriga ma’lum zarur hujjatlar va ularni rasmiy tasdiqlash (Beglaubigung), shuningdek talab qilinadigan tarjimalar, kasbiy malakalarni tan olish idorasining to’lovi, shuningdek Germaniyada korxonalararo malakaviy moslashuv kurslari bilan bog’liq xarajatlar kiradi. Qolaversa, o’quv kursi joyiga borib-kelish va, zarur bo’lsa, u yerda tunab qolish xarajatlari qoplanadi, agar korxonalararo trening o’tkaziladigan o’quv markazi sizning yashash joyingizdan juda uzoqda bo’lsa.
Germaniyaga borishni tayyorlash va korxonaga integrasiya
Viza olish uchun ariza berishda menga yordam beriladimi?
Sizga viza olish uchun ariza Germaniyaning O’zbekistondagi elchixonasida beriladi. Biz sizga bu arizani berishda ko’mak beramiz, shuningdek, Loyiha doirasida viza xarajatlarini qoplaymiz. Bizga ariza berish uchun zarur bo’lgan barcha hujjatlarni to’liq va o’z vaqtida taqdim etishingiz muhim. Qanday hujjatlar kerakligi haqida biz sizni oldindan xabardor qilamiz.
Uy-joy topishda menga kim yordam beradi?
Chet elda turib, Germaniyada munosib uy-joy topish qiyin bo’lishi mumkin. Shuning uchun sizga maqsadli mintaqada munosib uy-joy topishda ish beruvchingiz va migrasiya bo’yicha maslahatchi (Fachkräfteeinwanderungsberater) yordam berishadi.
Germaniyaga qachon va qanday boraman?
Sizning qanday va qachon Germaniyaga borishingiz B1 til imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirganingizdan keyin iloji boricha tezroq amalga oshiriladi. Germaniyadagi ish joyingizga yetib olish xarajatlari tasdiqlovchi hujjatlar asosida Loyiha tomonidan ko’pi bilan 1500 yevro miqorida qoplanadi. Germaniyaga yetib borgan joyingizda (masalan, aeroportda) sizni migrasiya bo’yicha maslahatchi (Fachkräfteeinwanderungsberater) yoki ish beruvchingiz kutib oladi.
Muvaffaqiyatli intervyu va Germaniyaga borish o’rtasida qancha vaqt bor?
Bu vaqt oralig’i haqida aniq ma’lumot berish imkoni yo‘q. Biroq, Loyihada ma’lum muddatlar va bosqichlar mavjud bo’lib, ularga ko’ra xulosa qilish mumkin.
Ish beruvchilar bilan tanlov suhbatlari nemis tilini ilg’or darajada o’zlashtirganingizdan keyingina bo’lib o’tadi. Nemis tilini qanchalik muvaffaqiyatli o’zlashtirishingiz va viza olish jarayonining davomiyligiga qarab, Germaniyaga borishingizga qadar 6 oygacha vaqt o’tadi deb taxmin qilsa bo’ladi.
Germaniyaga kelganimdan keyin menga qanday ko’mak beriladi?
Germaniyaga kelganingizdan so’ng, sizga turli chora-tadbirlar orqali ko’mak beriladi. Korxonadagi integrasiyangizni qo’llab-quvvatlash sizning ish beruvchingizning zimmasidadir. U sizga imkon qadar tezroq o’z jamoasining yaxshi a’zosi bo’lishingizga yordam beradi.
Loyihaning butun davri mobaynida integrasiyangiz paytida siz uchun mas’ul bo’lgan migrasiya bo’yicha maslahatchi (Fachkräfteeinwanderungsberater) sizni qo’llab-quvvatlaydi. U sizga, masalan, qo’shimcha til kurslariga yozilish va ularda qatnashish masalasida qo’llab-quvvatlash bilan bir qatorda, kasbiy malakangizni tan olish jarayoni doirasida malakaviy moshlshuv yoki boshqa shaxsiy masalalaringizda yordam beradi.
Loyiha orqali oilamni Germaniyaga chaqirib olishim (Familiennachzug) mumkinmi?
Tegishli ariza asosida oilangizni Germaniyaga chaqirib olishingiz imkoni bor. Birinchidan, bu turmush o’rtoqlar, shuningdek, voyaga yetmagan bolalarga tegshli. Ota-onalar yoki qaynonalar ham Germaniyaga kelish imkoniyatiga ega bo’lishlari mumkin. Germaniya borish istagida bo’lgan oila a’zolarining Germaniyaga kelishlari uchun ularda Germaniyada yashash uchun ruxsatnoma bo’lishi shart.
Qoidaga ko’ra, tegishli ariza Germaniyaning O’zbekistondagi elchixonasiga shaxsan qarindoshlaringiz tomonidan topshiriladi. Oila a’zolaringiz Germaniyaga borishidan oldin, ularning Germaniyada yashashi uchun bir qator huquqiy talablar tekshirilishi kerak, shu sababli Germaniyadagi vakolatli davlat idorasi (Ausländerbehörde) bilan individual ravishda ertaroq maslahatlashish tavsiya etiladi. Loyiha doirasida sizga oila a’zolaringizni Germaniyaga chaqirib olish (Familiennachzug) imkoniyatlari bo’yicha qo’shimcha maslahatlar beriladi.
Kelishuv
Nima uchun men Loyihaning bir qismi sifatida sequa gGmbH bilan ishtirok va ko’mak to’g’risida shartnomani tuzaman va ularda nimalar tartibga solinadi
Ishtirok va ko’mak to’g’risida shartnoma (Teilnahme- und Fördervereinbarung) Loyihada ishtirok etish shartlari, xizmatlari va majburiyatlarini belgilaydi. Bundan tashqari, ishtirokchini Loyihadan chiqarib yuborish shartlari va shartnoma taraflariga qo’yiladigan talablar belgilanadi. U Loyihaning majburiyatlarini va ishtirokchi sifatida sizning majburiyatlaringizni tartibga soladi.
Mutaxassis yoki malakali ishchi sifatida qanday moliyaviy majburiyatlarim bor?
Loyiha Xalqaro migrasiya tashkilotining (XMT) adolatli migrasiya uchun IRIS standartlariga sodiqdir. IRIS standartlariga muvofiq «ish beruvchi to’laydi» tamoyili qo’llaniladi. Sizdan mutaxassis yoki malakali ishchi sifatida ishga joylashtirish uchun to’lov olinmaydi.
Ishtirok etayotgan nemis hunarmandchilik tashkilotlari va aloqa shaxslari
Qaysi hunarmandchilik tashkilotlari Loyihada ishtirok etmoqda?
Loyihani amalga oshirishda jami 9 hunarmandchilik tashkilotlari, jumladan, 8 Hunarmandchilik palatasi va bir Federal o’lkaning kasbiy birlashmasi ishtirok etmoqda.
- Kotbus Hunarmandchilik palatasi (HWK Cottbus)
- Erfurt Hunarmandchilik palatasi (HWK Erfurt)
- Freiburg Hunarmandchilik palatasi (HWK Freiburg)
- Koblens Hunarmandchilik palatasi (HWK Koblenz)
- Myunster Hunarmandchilik palatasi (HWK Münster)
- Quyi Bavariya-Yuqori Pfals Hunarmandchilik palatasi (HWK Niederbayern-Oberpfalz)
- Potsdam Hunarmandchilik palatasi (HWK Potsdam)
- Shtutgart mintaqasi Hunarmandchilik palatasi (HWK Region Stuttgart)
- Shimoliy Reyn-Vestfaliya Qurilish uyushmalari tashkiloti (Bauverbände NRW e.V.)
Loyiha haqida savollarim bo’lsa, kimga murojaat qilishim mumkin?
Biz sizning savollaringiz va tashvishlaringiz bilan Loyihaning barcha bosqichlarida to’g’ridan-to’g’ri bog’lanishingiz mumkin bo’lgan aloqa shaxslari borligini ta‘minlaymiz. O’zbekistonda nemis tili kursi va madaniyatlararo trening jarayonida bular birinchi navbatda Federal mehnat agentligi va Gyote instituti xodimlaridir. Bundan tashqari, migrasiya bo’yicha maslahatchi (Fachkräfteeinwanderungsberater) sizga ko’mak beradi. Bu maslahatchi sizni xususan Germaniyaga borishga tayyorgarlik ko’rish davrida va Germaniyaga kelganingizdan so’ng sizga yordam beradi.
Agar sizni Loyiha bo’yicha umumiy savollar qiziqtirayotgan bo‘lsa yoki Loyihada ishtirok etishni istasangiz, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligiga murojaat qiling: https://www.migration.uz/.
Germaniyada yashash va ishlash haqida qo‘shimcha ma’lumotni qayerdan topsam bo’ladi?
Germaniyada yashash va ishlash bo’yicha qo’shimcha ma’lumot Germaniya federal hukumatining chet eldan kelgan mutaxassislar uchun «Make it in Germany» maxsus portalida bor. Veb-sayt nemis, ingliz, ispan va fransuz tillarida mavjud.